O‘zbek tilida metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining semantik transformatsiyasi

A Madaminov

Annotatsiya

lashga xizmat qiladi hamda tilda turli metaforik so‘z birikmalarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ma’lumki, metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining kognitiv tahlili so‘zlarning kontekstdagi ma’nolari va metaforik qo‘llanishlarini aniqlashga imkon beradi. Bu esa so‘z birikmasida aks etgan konseptning barcha yashirin belgilarini ochib berishga yordam beradi. Bundan tashqari, ushbu tahlil usuli metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarida voqelangan konsept orqali dunyoning muayyan tillardagi manzarasini adresant tomonidan qanday idrok qilinishi va talqin etilishini aniqlash imkonini yaratadi. Xullas, o‘zbek tilida so‘z birikmalarining hosil bo‘lishida til egalari ongida shakllangan konseptual metaforalar o‘ziga xos kognitiv mexanizm sifatida muhim o‘rin tutadi. Buni quyidagi misollar tahlili asosida izohlaymiz. O‘zbek tili badiiy matnlarida faol qo‘llanuvchi ishq azobi, qalbi daryo, ishq dardi, muhabbat dardi kabi so‘z birikmalari ham konseptual metafora orqali yuzaga kelgan. Ushbu so‘z birikmalari ISHQ / MUHABBAT – BU OG‘RIQ konseptual model asosida hosil bo‘lgan. Insonning ishq-muhabbat ko‘yida boshidan o‘tkazgan dard-u azoblari, sog‘inch tuyg‘usi va shu kabi salbiy kechinmalari ishqni jismoniy og‘riq, azob sifatida idrok etishiga sabab bo‘lgan. Ishq-muhabbat haqidagi bunday bilim va tasavvurlar ISHQ / MUHABBAT – BU OG‘RIQ konseptual metaforasining yuzaga kelishiga turtki bergan deyish mumkin. Anglashiladiki, ishq azobi, ishq dardi, muhabbat dardi kabi so‘z birikmalarida emotsional holat jismoniy og‘riq orqali kognitiv modellashtirilgan. Bu holat tilda metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining konseptual metaforalar asosida hosil bo‘lishi va nutqda faol qo‘llanishini ko‘rsatadi. Umr daftari so‘z birikmasi o‘zbek tilida abstrakt hayot tushunchasini aniq predmet orqali ifodalovchi UMR – BU QAYDLAR DAFTARI konseptual modeliga asoslanuvchi qurilma hisoblanadi. Bu so‘z birikmasida daftar metaforasi ko‘chma ma’noga ega. Daftar aniq, moddiy obyektni anglatadi, umr esa abstrakt tushuncha bo‘lib, vaqtga bog‘liq jarayonni ifodalaydi. Ushbu so‘z birikmasidagi daftar metaforasining kitob leksemasi bilan almashinib kelishini inobatga olsak, inson tafakkurida har ikki birlik ham yozuvlar jamlanadigan, tarix va voqealar izchillik bilan qayd etib boriladigan manba sifatida idrok etiladi va shu xususiyati bilan umr tushunchasiga ko‘chiriladi. Natijada hayot jarayoni xuddi sahifalarga bitilgan voqealar majmuyi sifatida konseptuallashtiriladi. Ushbu so‘z birikmasining turg‘unlashishida diniy motivning ham alohida o‘rni bor. O‘zbek tili sohiblarining e’tiqodiy tasavvurida odamzodning dunyoda bajargan solih va gunoh amallari o‘limiga qadar mas’ul farishtalar tomonidan nomayi amoliga qayd etib boriladi. Hisob vaqti yetganda, nomayi amolning qaysi tomondan kelishiga ko‘ra uning jannat yoki do‘zax ahlidan bo‘lishi ma’lum bo‘lishi bilan bog‘liq rivoyatlar bilan ham assotsiativ jihatdan xotira, taqdir, qismat kabi tushunchalarni faollashtiradi. Shunday qilib, umr daftari birikmasi konseptual metafora mexanizmi asosida shakllanadi va UMR – BU QAYDLAR DAFTARI konseptual modeli orqali abstrakt vaqt – makon munosabati aniq predmet vositasida idrok etiladi. Shu usul metaforik ko‘chimli so‘z birikmasi kognitiv xaritalash usuli asosida yuzaga kelganini isbotlaydi. Ikkinchidan, ushbu metaforik ko‘chimli so‘z birikmasida abstraksiyalash va konkretlashtirish mexanizmi ham kuzatiladi, bunda mavhum tushuncha moddiy predmet vositasida ifodalangan. Shuningdek, daftarga xos yozuv, sahifa, boshlanish, nihoya-yakun kabi uzvlar hayotiy bosqichlar bilan muvofiqlashtirilgan. Umr bahori so‘z birikmasida esa hayotning bir bosqichi tabiat fasli orqali konseptuallashtirilgan. Ushbu so‘z birikmasi UMR – BU FASL konseptual modeli orqali voqelangan bo‘lib, umrni inson hayotining go‘zal, yoqimli va, odatda, shirin xotira sifatida esda qoluvchi bosqichi, ya’ni bahor fasli orqali idrok etishga asoslangan. Birikma tarkibidagi “bahor” – vosita maydoni, “yoshlik” esa maqsad maydoni sifatida voqelanadi. Bahor metaforasi o‘zbek tili sohiblari uchun ramziylikka ega: bahor – bu yoshlik. Ushbu birikma tarkibidagi umr abstrakt tushuncha bo‘lib, bahor leksemasi orqali konseptuallashgan. Bahor o‘zbeklarda yangilanish, yasharish, o‘sish, kuch-quvvat timsoli sifatida tasavvur hosil qiladi. Bu bilimlar hayotning muayyan davriga – kishilar kamolotida muhim o‘sish pallasi, shaxs sifatida shakllanishning, dunyoqarash kengayishining ko‘tarilish bosqichiga aynan “ko‘chiriladi”. “Bahor” va “yoshlik” tushunchalarini birlashtiruvchi yana bir sifat – beg‘uborlik. Aynan shu davrda insonlarning o‘z oldilariga maqsadlarni qo‘yishi, baland marralar uchun intilishi kuzatiladi. Bu fasldagi ko‘kalamzorlashish, yashillikka burkanish, gullash jarayonlari inson hayotidagi jismoniy va ruhiy kamolotni tasvirlash uchun xaritalash kognitiv mexanizmi orqali moslashtiriladi. Umr bahori so‘z birikmasi VAQT konseptining nominativ maydoniga ham oid, bunda davriylik obrazli sxemasi ham ishtirok etadi. Vaqtning aylanishi, ma’lum bir sikl asosida bahorning boshqa fasllar bilan almashinib borishi inson umrining bosqichli ekanligiga ishora qiladi. Demak, umr bahori birikmasi tabiat hodisasiga asoslangan konseptual metafora orqali hayotning eng sermahsul, kuch-quvvatga to‘la beg‘ubor davrini kognitiv jihatdan ifodalovchi birlikdir. Shunisi xarakterliki, ushbu metaforik ko‘chimli so‘z birikmalari har doim ham ijobiy ma’no bo‘yog‘iga ega birliklar asosida yuzaga kelmasligi mumkin. Yuqoridagi umr bahori birikmasi ijobiy mazmun asosiga qurilgan bo‘lsa, umr egovi birikmasida salbiy mazmun kuzatiladi. Ushbu birikma ham o‘zbek tili sohiblarining obrazli tafakkuri asosida yuzaga kelgan metaforik so‘z birikmasi bo‘lib, abstrakt “umr” tushunchasining aniq tushuncha orqali konseptuallashtirilishi sanaladi. Umr(ning) egovi birikmasi asosida UMR – BU EGOVLANADIGAN JISM tipidagi konseptual metaforasi yotadi. Manba maydon sifatida “egov” so‘zi bilan bog‘liq bilimlar (metall yoki boshqa qattiq jismlarni silliqlovchi jism kabi) xizmat qiladi, maqsad maydon esa – “umr”, ya’ni inson hayotidir. Umrning egovi so‘z birikmasining yuzaga kelishida “umrni egovlamoq” iborasi ham bilvosita semantik va kognitiv asos vazifasini bajargan. “Egov” konsepti inson ongida silliqlash, ishqalash, shakl berish jarayoni bilan bog‘langan bilimlar asosida assotsiatsiya yuzaga keladi. Egov bilan egovlash jarayonidagi davomiylik, kuch sarfi hamda asta-sekinlik belgilari hayotning mashaqqatli o‘tishi, muttasil yoqimsiz ruhiy bosim ostida bo‘lish, kishi hayotining boshqa shaxs ta’siridaligi yoki nazoratida turganligi singari yoqimsiz g‘ashlik kabi ruhiy holatlar “umr” konseptiga bog‘lanadi. Shu bilan uzoq davom etuvchi yoqimsiz hayotiy jarayon birgina predmetga xos xususiyat asosida ixcham ifodalanadi. Umrning egovi birikmasining yuzaga kelishida assotsiatsiya muhim kognitiv vosita vazifasini bajaradi: inson ongida “egov” mashaqqat, chidash, holatga g‘ayriixtiyoriy tarzda sabr qilish va shu jarayonlarning uzluksiz takroriyligi bilan bog‘liq tasavvurlar umrning og‘irligi yoki serzahmat kechishi haqidagi tasavvurlar bilan uyg‘unlashadi: Xotinning yomoni – umrning egovi (Maqol), Qayg‘u – umr egovi (Maqol). Natijada abstrakt hayotiy jarayon aniq jismoniy tajriba asosida obrazli talqin qilinadi. Demak, umrning egovi birikmasi turli kognitiv mexanizmlar uyg‘unligi natijasida shakllangan murakkab semantik-kognitiv konstruksiya sanaladi. Yuqorida birgina “umr” maqsad maydonining vosita maydoni turli konseptual metaforalar (yo‘l, bahor, egov, yo‘ldosh, daryo, daftar va hokazo) birikishi bilan bog‘liq kognitiv tahlil mavjud. Anglashiladiki, konseptual metafora mavhum tushunchaga (umr, ishq kabilar) aniq tushunchalar (yo‘l, og‘riq kabilar) orqali tushuntirish berishga xizmat qiladi, shu bilan birga, tilda turli metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Tahlillardan ko‘rinadiki, metaforik so‘z birikmalarining hosil qilinishi masalasini kognitiv aspektda tadqiq etish ularning nafaqat konseptual mohiyatini ochib berishga, balki inson ongi va tafakkurida kechadigan kognitiv jarayonlarni aniqlashga ham xizmat qiladi. Oʻzbek tilida shunday soʻz birikmalari borki, ular nutqqacha o‘zaro mantiqiy bog‘liqlikni hosil qilgan, birini aytganda, ikkinchisi esga tushadigan erkin birikmalardir. Bunday soʻz birikmalarida ifodalangan konseptlar til egalariga tanish, hamisha birga qoʻllanadigan mustaqil soʻzlardan tashkil topadi. Rus tilshunosligida soʻzlarning bunday koʻchma ma’nolarda birikma hosil qilishini I.Y.Anichkov “ideomatika” (yunoncha ideoma – xususiyat, oʻziga xoslik) termini bilan nomlashni taklif qilgan[5.:B.14.].Ideomalar til egalariga tanish leksemalardan yasaladi, boshqa tillardan olinmaydi. Ammo erkin va idiomatik so‘z birikmalarining derivatsion qoliplari bir xil boʻlsa ham, ular orqali voqelangan hosilalar turlichadir. Lekin oq paxta, oq qor kabi so‘z birikmalarida “oq” leksemasi hamisha birga qoʻllanadi. Bu tipdagi erkin so‘z birikmalardagi barqarorlik boshqa soʻz birikmalariga nisbatan juda kuchli. Chunki oq paxta, oq sut, oq qogʻoz kabilarning valentligi turgʻun holatga kelib qolgan. Bu, albatta, asfalt yoʻl, yorqin kelajak kabi otli sodda soʻz birikmalari valentliklarida ham seziladi. Umuman, erkin soʻz birikmalari tarkibida turgʻun birikmalardan tashqari barqarorlashib borayotgan sifat + ot tipidagi bitishuvli birikmalar ham alohida ajralib turadi. Shu o‘rinda epitetli so‘z birikmalarining metaforik ko‘chimli so‘z birikmalari bilan yondosh hodisa ekanligi oydinlashadi. Epitetli so‘z birikmasi ham metaforik so‘z birikmasi singari ko‘chma ma’no asosida hosil bo‘lishi mumkin va qismlari aniqlovchi + aniqlanmish munosabatiga asoslanadi. Masalan: og‘ir savdo, yorqin kelajak, ochiq suhbat, boy tajriba, temir intizom, achchiq haqiqat va hokazo. Ushbu epitetli birikmalar narsa-predmetlar, voqea-hodisalarni odatdagidan farqli tarzda obrazli idrok etishga xizmat qiladi. Ular nutqqa yuqori ta’sirchanlik, badiiylik va ekspressivlik baxsh etadi. Masalan, qaynoq muhabbat birikmasida qaynoq sifatlashi orqali ishq-muhabbat tuyg‘usining nihoyatda kuchliligi ifodalanadi. Bu o‘rinda epitetda belgi ko‘proq tasviriy va ruhiy-emotsional xarakterda bo‘lishi, metaforada esa mantiqiy-kognitiv ko‘chish ustuvorlik qilishini kuzatish mumkin. Tahlillardan ko‘rinadiki, konseptual metafora ishtirokidagi so‘z birikmalarining mazmuni uning komponentlari bilan bog‘liq konsept maydonlari asosida shakllanadi. Ularda konseptual integratsiya hodisasini ham kuzatish mumkin. Bunda inson tafakkurida turli konseptual maydonlar o‘zaro birikib, yangi ma’no tuzilmasini hosil qiladi. Bu jarayonda kompressiya (murakkab tuzilmani ixchamlashtirish), selektiv proyeksiya (ayrim belgi va xususiyatlarni ajratib olish va ko‘chirish), kompozitsiya (ma’no elementlarini birlashtirish) kabi kognitiv mexanizmlar faol qo‘llanishi mumkin. Natijada oddiy sintaktik birikmaning ortida murakkab konseptual-kognitiv tuzilma shakllanadi va tilning boy ichki imkoniyati, lingvokreativlik salohiyati namoyon bo‘ladi. Demak, konseptual integratsiya o‘zbek tilida ekspressiv, obrazli til birliklarining yuzaga kelishida asosiy kognitiv omillardan biri sifatida xizmat qiladi. ADABIYOTLAR 1. Ibragimov J. O‘zbek tili mustaqil leksemalarining xususiy birikuvchilari va ularning modellari: Filol. fan. d-ri ... diss. – Qarshi, 2023. – 237 b. 2. Lewis M. Teaching Collocation. – Boston: Thomson Heinle Language Teaching, 2000. – 245 p. 3. Turabov A. Kichik sintaksis muammolari: Filol. fan. d-ri ... diss. avtoref. – Samarqand, 2023. – 76 b. 4. Xudayarova S. O‘zbek tilidagi so‘z birikmalarini modellashtirish muammolari masalasi // “Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim, istiqbollar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya. 2023. Vol.1.– №1. – B.289-294. 5. Аничков И Е. Идеоматика и сем антика // Вопросы языкознание. – М., 1992. – № 5. – С. 14. 6. Борисова Е.Г.Коллокации. Что это такое и как их изучать? – М.: Филология, 1996. – 49 с. 7. Юлдашев А. Кўчма маъноли сўзларда когнитив механизмларнинг ўрни // Ўзбекистонда хорижий тиллар. – Тошкент, 2019. – №3. – Б. 58-59

O‘zbek tilida metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining semantik transformatsiyasi
Nashr qilingan: 22.06.2026
Sahifalar: 532-535
Til: O'zbekcha
Nashr: 2026/2
Bo'lim: Filologiya. Jurnalistika
Ko'rishlar soni: 0
Yuklashlar soni: 0
ULASHISH

Qanday iqtibos keltirish kerak

A Madaminov (2026). O‘zbek tilida metaforik ko‘chimli so‘z birikmalarining semantik transformatsiyasi. BERDAQ NOMIDAGI QORAQALPOQ DAVLAT UNIVERSITETINING AXBOROTNOMASI, 2026/2, 532-535.
QR kod orqali ochish
QR